Fizika fanini o’qitishda namoyish tajribalarning o‘rni va ahamiyati kattadir. Fizika fanining xarakterli xususiyati shundan iboratki, hodisalarni o‘rganishda uning miqdoriy jihatlarini bilish albatta shu hodisani xarakterlovchi miqdoriy munosabatlarini aniqlash bilan birga olib boradi. Shuning uchun fizik nazariya va tushunchalarni shakllantirishda fizik kattaliklar orasidagi miqdoriy bog‘lanishlarni matematik tenglama, funksiya va shu kabilar shaklida belgilashga imkon beradigan o‘quv namoyish eksperimentlar alohida ahamiyatga egadir. Fizika fanining tajribali xarakterining ifodalanishi maktabda fundamental fizik nazariyalarni, xususan, fizik kattaliklar, tushunchalar, ideallashtirilgan obyektlar, umumiy va xususiy qonunlardan tashkil topgan bilimlarning asosiy tashkil etuvchilarini o‘rganishda turli ko‘rinishdagi namoyishlardan-demonstratsion tajribalar, frontal laboratoriya ishlari, fizikadan laboratoriya ishlari, sinfdan tashqari ishlar va uyda bajariladigan tajribalardan keng foydalanish orqali amalga oshiriladi.