XIII-XV asrlarda Chingizxon va uluslar tarixi aks etgan o’nlab asarlar yaratildi. Aynan mo’g’ullar davrida yaratilgan asarlar, jumladan, Juvayniy, Rashididdin, Jamol Qarshiy va boshqalarning asarlarida Chig’atoy ulusi tarixi to’la qamrab olinmagan. Buning asosiy sabablaridan biri mazkur tarixiy manbalarning ulus tashkil qilinganidan keyingi 50-60 yil oralig’ida yozib tamomlangani va ulus hududidan ancha uzoqda yaratilgani uchun ham tarixiy jarayonlar to’liq qamrab olinmagan. Chig’atoy ulusi salkam yuz ellik yillik tarixiy davrni o’z ichiga olib, mo’g’ullar davrida yaratilgan manbalarning hech biri ulus tarixini to’laligicha yoritmaydi. Temuriylar davriga kelib Amir Temur tarixi bilan birga Chingizxon va uluslar tarixini yoritishga ham keng e’tibor qaratildi. Natijada, Nizomiddin Shomiy asarida qisqacha, Mirzo Ulug’bek asarida mufassal bu davr tarixi aks etdi. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarini Amir Temur tarixini batafsil yoritish uchun bevosita Temuriy hukmdorlardan topshiriq olgan holda boshlagan bo’lsa ham, asarning muqaddimasida Chingizxon va uluslar tarixini atroflicha yoritishga harakat qilgan. “Zafarnoma” muqaddimasi yoki “Muqaddimayi Zafarnoma” deb nomlangan asar Chig’atoy ulusi tarixi yoritilgan muhim tarixiy manbalardan hisoblanib, ulus tarixini o’rganishda muhim ahamiyatga ega.