Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ta’lim tizimiga jadal kirib kelishi natijasida fanlarni o‘qitishda innovatsion yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, kimyo ta’limida virtual laboratoriyalardan foydalanish o‘quv jarayonini interaktiv va samarali tashkil etishga keng yo‘l ochmoqda. Ushbu tadqiqotda kimyo fanini o‘qitishda virtual laboratoriyalarning ilmiy-didaktik asoslari, ularning o‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmaga aylantirishdagi roli, bilim olishdagi faollik va mustaqil fikrlashga ta’siri yoritilgan. Virtual laboratoriyalar real laboratoriya sharoitidagi xavf-xatarlarni bartaraf etib, kimyoviy reaksiyalar, tajribalar va moddalarning xossalarini xavfsiz, ekologik toza va tejamkor usulda o‘rganishga imkon beradi. Bundan tashqari, u o‘quvchilarga turli eksperimentlarni takroran bajarish, xatolar ustida ishlash, murakkab tajribalarni modellash orqali chuqur bilim hosil qilishga yordam beradi. Tadqiqotda shuningdek, mavjud virtual platformalar (PhET, ChemCollective, Labster va boshqalar) tahlil qilinib, ularning o‘ziga xos imkoniyatlari va didaktik ustunliklari ko‘rsatib berilgan. Yakunda virtual laboratoriyalar orqali kimyo fanini o‘qitishning zamonaviy strategiyasi, metodik tavsiyalar hamda kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlari aniqlangan.