Ushbu tezisda monopoliyalarning bozor narxini shakllantirishdagi o‘rni, iste’molchilar farovonligiga ta’siri va ularni tartibga solish mexanizmlari tahlil qilinadi. Monopoliyalarning mavjudligi narxni yuqoriga ko‘tarish, ishlab chiqarish hajmini cheklash va bozor samaradorligini pasaytirish kabi iqtisodiy oqibatlarga olib keladi. Tadqiqotda monopoliyalarning mikroiqtisodiy asoslari, ularning narx belgilashdagi ustunliklari va raqobatni cheklash natijasida yuzaga keladigan deadweight loss tushunchasi yoritilgan. Shuningdek, maqolada monopoliyalarni tartibga solish mexanizmlari, jumladan: narxlarni nazorat qilish, antimonopoliya qonunchiligi, raqobatni rivojlantirish va tabiiy monopoliyalarda tarif siyosati muhokama qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, jumladan “Raqobat to‘g‘risida” qonun, tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hamda monopoliyaga qarshi kurash bo‘yicha farmonlar misol sifatida keltiriladi. Tadqiqot natijalari monopoliyalarning iqtisodiyotga ta’sirini aniqlash, bozor muvozanatini saqlash va davlat siyosatini shakllantirishda amaliy tavsiyalar beradi.