Mazkur maqolada kolleksiya ko‘chatzorida o‘rganilgan sholi namunalarining vegetatsiya davri va fenologik rivojlanish bosqichlari tahlil qilingan. Har bir nav va namunada ko‘karib chiqish, tuplash, ro‘vaklash, sut, mum va to‘liq pishish fazalarining davomiyligi aniqlanib, o‘rtacha qiymatlar (X±Sx) hamda variatsiya koeffitsiyenti (V%) hisoblandi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, o‘rganilgan navlar orasida erta pishar (D-69, D-16-1) va kechpishar (D-10, Neyzvestniy2) guruhlar mavjud bo‘lib, vegetatsiya davrining farqi 6–8 kunni tashkil etdi. Variatsiya koeffitsiyentining pastligi (0,5–3,0%) belgilarining genetik barqarorligini bildiradi. Olingan natijalar sholi seleksiyasida erta pishar, suv tejovchi navlarni yaratish uchun muhim ahamiyatga ega.