Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasida xalqaro xususiy huquqni kodifikatsiyalashni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mazkur yo‘nalishning nazariy va amaliy jihatlari chuqur tahlil qilingan. Xususan, muallif xalqaro xususiy huquq normalarining milliy huquq tizimidagi o‘rni, ularning fuqarolik, oila va mehnat qonunchiligi bilan o‘zaro uyg‘unlashuv darajasini tahlil etadi. Tadqiqot davomida milliy qonun hujjatlaridagi kollizion normalarning yetarli darajada tizimlashtirilmaganligi va turli soha qonunlari orasida yagona huquqiy mexanizmning mavjud emasligi muhim muammo sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Maqolada xorijiy davlatlar, xususan, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi va Fransiya tajribasi o‘rganilib, ularning xalqaro xususiy huquqni kodifikatsiyalash borasidagi yondashuvlari tahlil qilingan. Shu asosda O‘zbekiston uchun mos bo‘lgan huquqiy model ishlab chiqish zarurligi asoslab berilgan. Muallif xalqaro xususiy huquqning umumiy qismini yaratish, unda “avtonomiya irodasi” (party autonomy), “ordre public” va “lex loci contractus” kabi asosiy tamoyillarni mustahkamlashni taklif etadi.