Mazkur maqolada boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy sifatlarini rivojlantirish jarayonida harakatli o‘yinlar va quvnoq startlardan foydalanishning pedagogik va amaliy samaradorligi chuqur tahlil qilingan. Tadqiqotda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida o‘yin faoliyatining ahamiyati, uning bolalarning tezkorlik, chaqqonlik, kuch, chidamlilik va muvozanat kabi asosiy jismoniy sifatlariga ta’siri yoritib berilgan. Shuningdek, harakatli o‘yinlar va quvnoq startlarning o‘quvchilarning psixologik holati, ijtimoiy moslashuvi hamda jamoada ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishdagi o‘rni asoslab berilgan. Maqolada boshlang‘ich sinf yosh xususiyatlariga mos ravishda o‘yinlarni tanlash va tashkil etishning metodik jihatlari ochib berilib, ularning jismoniy tarbiya darslari samaradorligini oshirishdagi ahamiyati ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan.