Psixologiya voqelikning alohida bir sohasi bo’lgan psixik hayot sohasini o’rganadi. Har kimga ma’lum hodisalar - sezgilarimiz, idrok, tasavvurlarimiz, fikr, his, intilishlarimiz va shunga o’xshash hodisalar psixika hodisalari jumlasidandir. Psixik hayot hodisalari juda xilma-xil, ammo bir-biri bilan o’zaro bog’langan bo’ladi. Psixologiyaning vazifasi ana shu munosabat va bog’lanishlarning qonuniyatlarini ochib berishdir. Psixologiya fanining ma’lumotlaridan amaliy maqsadda va, avvalo, ta’lim-tarbiya ishida va, shuningdek, ishlab chiqarishda, mehnatni tashkil etish va ixchamlashtirishda, tibbiyotda, san’at va shunga o’xshash sohalarda foydalanmoq uchun psixikaning taraqqiyot qonunlarini bilish kerak.