Ma’lumki, hozirgi kunda dunyo tilshunosligida anrtoposentrik paradigma yo‘nalishlarida olib borilayotgan tadqiqotlar an’anaviy tus olmoqda. Jumladan, o‘zbek tilshunosligida ham mazkur tilshunoslikning turli yo‘nalishlarida, sistem tilshunoslik birliklarini antroposentrik paradigma sohalarida, jumladan lingvokognitiv aspektda o‘rganish amaliyoti mavjud. Turli uslublarga mansub bo‘lgan matnlar ustida sotsiopragmatik, lingvokulturologik, psixolingvistik, kognitologik o‘rganishlar va tajribalar olib borilmoqda. So‘nggi paytlarda nisbatan ko‘p murojaat qilinayotgan kognitiv tilshunoslik borasida tadqiqot olib borish asnosida soha va uning yo‘nalishlari, o‘rganish obyekti, terminlar tizimini o‘rganishga ehtiyoj seziladi. Chunki ushbu soha, nafaqat o‘zbek tilshunosligi, balki dunyo tilshunosligi uchun ham nisbatan yangi bo‘lgan yo‘nalish va nazariy asoslarini talqin qilishda bir necha qarashlar mavjudki, o‘zbek tilshunosligiga va o‘zbek tiliga tatbiq qilishda o‘ziga xos yondashuvni talab qiladi.