Mazkur maqolada zamonaviy texnologiyalar, xususan internet, ijtimoiy tarmoqlar va virtual olamning o‘smirlar hayotidagi o‘rni, ularning ijobiy imkoniyatlari bilan bir qatorda, salbiy oqibatlari chuqur tahlil qilinadi. Tadqiqotda internet va kompyuter o‘yinlariga qaramlikning shakllanish sabablari, bosqichlari hamda o‘smirlar ruhiyati, xulq-atvori va ijtimoiy moslashuviga ko‘rsatadigan ta’siri yoritib berilgan. Xorijiy tajribalar misolida AQSh, Finlandiya va Xitoyda internetga qaramlikning kasallik sifatida tan olinishi va unga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilinadi. Shuningdek, maqolada ota-onalar, pedagoglar va yaqin ijtimoiy muhitning o‘smirlarni virtual qaramlikdan himoya qilishdagi mas’uliyati alohida ta’kidlanadi. Ijtimoiy tarmoqlardagi axborot oqimining inson ruhiyatiga salbiy ta’siri, doimiy yangiliklar iste’molining tushkunlik va xavotir holatlarini kuchaytirishi mutaxassislar fikrlari asosida asoslab beriladi. Kompyuter o‘yinlariga qaramlikning psixologik va patofiziologik mexanizmlari, uning shaxs yemirilishiga olib keluvchi oqibatlari ilmiy nuqtayi nazardan yoritiladi. Maqola yakunida o‘smirlarni virtual olam zararlaridan himoya qilishda ota-ona nazorati, xavfsizlik sozlamalari, sog‘lom muloqot, sport va ijodiy faoliyatni rag‘batlantirish muhim profilaktik omillar sifatida ko‘rsatib o‘tiladi. Ushbu ish o‘smirlar, ota-onalar va pedagoglar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, virtual qaramlikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar beradi.