Maqolada o‘zbek tilshunosligida maqollarning o‘rganilishi bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar tahlil qilinadi. Unda maqollarning lingvistik, pragmatik, stilistik, lingvopoetik, badiiy-estetik, lingvokulturologik va aksiolingvistik xususiyatlarini tadqiq etgan olimlar ishlari umumlashtiriladi. Xususan, maqollarning idioma, ibora va matallardan farqlanishi, ularning semantik mohiyati, obrazlilik darajasi va kommunikativ vazifalari kabi masalalar batafsil yoritiladi. Tadqiqot natijalari asosida maqollar tilning semantik va madaniy qatlamlarini aks ettiruvchi muhim paremik birlik sifatida tavsiflanadi. Maqollarning milliy mentalitet, madaniy tajriba va xalq dunyoqarashini ifodalovchi lingvomadaniy birliklar sifatidagi o‘rni ko‘rsatiladi. Shuningdek, barqaror birikmalarni kognitiv aspektda o‘rganishning dolzarbligi asoslanib, ularning konseptual asoslari, mental jarayonlar bilan bog‘liqligi va nutq jarayonidagi kognitiv funksiyalarini dastlabki ilmiy vazifa sifatida belgilash taklif etiladi. Maqola o‘zbek tilidagi barqaror birikmalarni zamonaviy lingvistika, xususan kognitiv lingvistika nuqtayi nazaridan yanada chuqur o‘rganishga ilmiy asos yaratadi.