Ushbu maqola boshlang‘ich sinflarda multimedia vositalaridan foydalanishning pedagogik asoslarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Zamonaviy ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va multimediyaning roli tobora ortib bormoqda. Multimedia vositalari — matn, rasm, audio, video va animatsiya kabi elementlarni birlashtirib, darslarni interfaol, qiziqarli va samarali qiladi. Maqolada xorijiy va O‘zbekiston olimlari tadqiqotlari tahlil qilinib, multimediyaning kognitiv va pedagogik jihatlari yoritilgan. Xorijiy tadqiqotlar, xususan Richard Mayerning ishlari, multimediyali ta’limning kognitiv prinsiplari va ularning o‘quvchilarning bilim qabul qilishidagi ahamiyatini ko‘rsatadi. O‘zbek olimlari Ziyodaxon Qurbanova va Gulhayo G‘aniyeva esa multimedia vositalarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining motivatsiyasini oshirish, mavzuni tezroq va chuqurroq tushunish hamda ilmiy savodxonligini rivojlantirishga yordam berishini ta’kidlaydilar.Maqolada darslarni interfaol va samarali tashkil etish uchun tavsiya etiladigan metodlar: vizual yordam, interfaol taqdimotlar, o‘quv o‘yinlari, virtual laboratoriya va kollaborativ faoliyatlar ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, Mayer’ning multimediyali o‘qitish prinsiplari — koherensiya, segmentatsiya, signalizatsiya va redundantlikdan qochish — pedagogik amaliyotda qo‘llanishi muhimligi ta’kidlangan.